Tabiat · Qoʻngʻirot tumani
Ustyurt platosi
Kaspiy va Orol orasidagi tosh choʻl
Tabiat · Moʻynoq tumani
Amudaryo deltasidagi bir paytlar eng katta koʻl, bugun bir necha suv havzasidan iborat tizim. Pushti flamingo, birqozon va boshqa qushlar uyasi; 2023-yildan Ramsar konvensiyasi roʻyxatidagi suv-botqoq hududi.
Sudochye Amudaryo deltasining chap qirgʻogʻidagi Aybugʻir pastligida joylashgan; gʻarbiy sohili boʻylab Ustyurt platosining sharqiy chinki choʻzilgan. Ilgari u deltadagi eng katta koʻl boʻlgan: suv yuzasi 350 km² ga yetgan, oʻrtacha chuqurligi 2 metr atrofida edi, Orol dengizi bilan oqim orqali tutashgan va yarim oʻtkinchi baliqlarning urugʻ sochadigan joyi boʻlgan. Bu yerdan yiliga 2000 tonnagacha baliq ovlangan.
1960-yillarda daryodan keladigan suv kamayib, koʻl qurib bordi va 1968-yilda alohida havzalarga boʻlinib ketdi. Keyinchalik Qoʻngʻirot va Bosh kollektorlar orqali kelayotgan zovur suvlari hisobiga qisman tiklandi. Bugun bu yerda bir nechta koʻl — Aqushpa, Katta Sudochye, Qoraterang va Begdulla-Aydin bor.
Sudochye — Orolboʻyidagi eng muhim ornitologik hududlardan biri. Bu yerda Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan pushti flamingoning 7000 ga yaqin uya quradigan qushdan iborat koloniyasi qayd etilgan — bu turning dunyo boʻyicha sonining qariyb 1,4 foizi. Shuningdek, jingalak va pushti birqozon, kichik qorabuzoq, qoshiqburun, oqqush va boshqa qushlar uchraydi. 1991-yilda 50 ming gektarlik «Sudochye» davlat ornitologik buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etilgan, 2008-yilda koʻl «Qushlar uchun muhim hudud» (IBA) maqomini oldi, 2023-yilda esa Ramsar suv-botqoq hududlari roʻyxatiga kiritildi. Hozir u 442 ming gektardan ortiq «Sudochye-Aqpetki» buyurtma qoʻriqxonasi tarkibida.
2022-yilda koʻl qirgʻogʻida qushlarni, xususan, flamingolarni kuzatish uchun sayyohlik maskani qurilgan; yaqin atrofda tashlandiq Urga baliqchilar qishlogʻi xarobalari bor.